O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KASB—HUNAR KOLLEJLARIGA O‘QUVCHILAR QABUL QILISH TARTIBI VA QOIDALARI BO‘YICHA MUVAQQAT NIZOM
UMUMIY QOIDALAR
1.1. Kasb-hunar kollejlariga o’quvchilarni qabul qilish tartibi va qoidalari O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risida»gi Qonun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» va «O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi to’g’risida»gi Nizomga asosan ishlab chiqilgan hamda o’quvchilarning xohish-irodasi, qiziqishiga qarab ta’lim olishi bo’yicha konstitutsion huquqlarini amalga oshirishga, o’zlari tug’ilib o’sgan hududda, ota-onalari bag’rida bepul kasb-hunar ta’limini olishga, shuningdek ularning kasb-hunarga moyilligi, bilim va ko’nikmalarini chuqur rivojlantirish, tanlangan kasb-hunar bo’yicha bir yoki bir necha ixtisoslikni egallash maqsadida umumiy o’rta ta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini kasb-hunar kollejlariga qabul qilish tartibi va qoidalarini belgilaydi.
1.2. Kasb-hunar kollejlariga o’quvchilarni qabul qilish umumiy o’rta ta’lim (san’at va musiqa) maktablarning 9-sinfni bitirgan o’quvchilarni arizalariga ko’ra tanlovsiz, arizalar soni qabul ko’rsatkichlaridan ko’p bo’lgan hollarda esa maxsus sinov natijalari bo’yicha amalga oshiriladi.
O’quvchilarni kasb-hunarga yo’naltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazlarining yo’llanmalari tavsiyaviy xarakterga ega.
Qabul har bir kasb-hunar kollejining tayyorlov yo’nalishlari (mutaxasisliklari) va o’qitish tillari bo’yicha alohida o’tkaziladi.
Maxsus sinovlarni ta’lim muassasasining Konsultativ markazi 1 avgustdan 7 avgustgacha bo’lgan muddatda amalga oshiradi.
1.3. Sinovlar uch tilda — o’zbek, rus va qoraqalpoq tillarida o’tkaziladi.
Kasb-hunar kollejining tayyorlov yo’nalishlari (mutaxassisliklar) bo’yicha maxsus sinovlar uchun Konsultativ markazi tomonidan tegishli fanlar majmuasi belgilanadi.
O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Badiiy akademiya va Davlat sport qo’mitasi tasarrufidagi kasb-hunar kollejlarida hamda pedagogika kollejlarining tegishli kasbiy tayyorlov yo’nalishlari bo’yicha maxsus sinovlar bilan bir qatorda qo’shimcha kasbiy (ijodiy) sinovlar o’tkaziladi.
1.4. O’quvchilarni qabul qilish tartibi va qoidalari mulkchilik shakllari hamda qaysi vazirlik, tashkilot yoki idora tasarrufida bo’lishidan qat’iy nazar barcha yo’nalishlardagi kasb-hunar kollejlariga taalluqlidir.
1.5. O’quvchilarni kasb-hunar kollejlariga qabul qilish jarayoniga O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, uning hududiy boshqarmalari va ta’lim muassasasi ma’muriyati mas’uldirlar.
1.6. Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) fuqarolarini O’zbekiston Respublikasi o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga o’qish uchun qabul qilish davlatlararo shartnomalar va O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining tegishli qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Xorijiy fuqarolar o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O’zbekiston Respublikasida xorijiy fuqarolarni o’qitish to’g’risida» 1994 yil 24 maydagi 266-sonli qaroriga hamda hukumatlararo bitimlarga muvofiq yoki O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining roziligi bilan to’lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
1.7. Respublikada doimiy istiqomat qilayotgan, lekin fuqaroligi bo’lmagan shaxslar bilim olishda O’zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega.
HUJJATLARNI QABUL QILISH
2.1. Kasb-hunar kollejlariga o’quvchilar qabulini namunali tashkil qilish maqsadida ta’lim muassasalarida Konsultativ makazlari tashkil etiladi. Konsultativ markaz «O’zbekiston Respublikasi kasb-hunar kollejlarining konsultativ markazlari to’g’risidagi yo’riqnoma»ga asosan faoliyat ko’rsatadi.
O’quvchilarning hujjatlari Konsultativ markazi tomonidan qabul qilinadi.
2.2. Kasb-hunar kollejlariga o’qishga qabul qilish to’g’risidagi arizalar Konsultativ markazlari tomonidan joriy yilning 20 iyunidan 1 avgustiga qadar qabul qilinadi. Ayrim kasb-hunar kollejlarida mutaxassisliklar bo’yicha qabul ko’rsatkichi bajarilmagan hollarda arizalar qabuli 15 avgustgacha uzaytiriladi.
2.3. O’qishga kiruvchilar Konsultativ markaziga quyidagi hujjatlarni taqdim qilishlari zarur.
— ta’lim muassasasi direktori nomiga yozilgan ariza;
— ma’lumoti to’g’risidagi hujjatlarning asl nusxasi (madaniyat va san’at yo’nalishlari bo’yicha o’qishga kiruvchilar boshlang’ich san’at va musiqa ma’lumoti to’g’risidagi hujjatning asl nusxasini ham topshiradilar);
— doimiy yashash joyidan berilgan ma’lumotnoma;
— 086 U-shakldagi tibbiy ma’lumotnoma;
— 3×4 sm li 4 dona fotosurat;
— 9 sinfni joriy yilda bitirmaganlar uchun 10-11 sinflarda tahsil olmaganligi to’g’risida o’zlari o’qigan maktabdan va mahalla qo’mitasidan ma’lumotnoma.
Hujjatlar o’qishga kiruvchi tomonidan Konsultativ markaziga shaxsan taqdim etiladi.
2.4. O’qishga kiruvchi tomonidan pasport (tug’ilganligi to’g’risidagi guvohnoma) shaxsan ko’rsatiladi.
Ko’rsatib o’tilgan hujjatlar mavjud bo’lganda Konsultativ markazi o’quvchilarning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
O’QUVCHILAR SAFIGA QABUL QILISH
3.1. Xalqaro, Respublika, Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar bosqichidagi fan olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g’oliblari tayyorlov yo’nalishi (mutaxassisligi)ga mos keladigan kasb-hunar kollejlariga tanlovsiz (maxsus sinov hamda kasbiy (ijodiy) sinovlarsiz) qabul qilinadilar.
3.2. Tanlovda umumiy ballar teng bo’lib qolgan hollarda yetim bolalar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga imtiyozlar beriladi.
3.3. Konsultativ markazining o’quvchilarni qabul qilish to’g’risidagi qarori kasb-hunar kollejlarida 20 avgustdan kechiktirmay e’lon qilinadi.
Konsultativ markazi qarorida ta’lim muassasasiga o’quvchining tanlov yoki tanlovsiz qabul qilinganlik asoslari ko’rsatiladi.
Tanlovdan o’ta olmagan shaxslarga Konsultativ markazi tomonidan kasb-hunar kollejlaridagi mavjud bo’sh o’rinlar (O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalari tomonidan aniqlangan) taklif etiladi.
3.4. Konsultativ markaz qarori asosida «O’quvchilarni o’qishga qabul qilish to’g’risida» ta’lim muassasasi direktori tomonidan buyruq chiqariladi va o’quvchilarning shaxsiy hujjatlari belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Свежие комментарии